Pedagogik amaliyot

Oliy ta’lim muasasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida pedagogik amaliyotlarni tashkil etish va o‘tkazish
TARTIBI

I. Umumiy qoidalar

Mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 12 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4732-sonli Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 avgustdagi «Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 242-sonli Qaroriga muvofiq Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarida pedagogik amaliyotni tashkil etish hamda o‘tkazishning maqsadi, vazifalari va shaklini belgilaydi.
Pedagogik amaliyotning maqsadi – qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qiyotgan tinglovchilar uchun ochiq ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish, o‘tilgan darslarni muhokama qilish va tanqidiy tahlil etilishiga yo‘naltirilgan bo‘lib, u pedagog kadrlarning kasbiy kompetentligini rivojlantirish, sohaga oid innovatsiyalarni faol o‘zlashtirish hamda amaliyotga tatbiq etish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi.
Pedagogik amaliyotning vazifalari:

  • oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlarini tashkil etishning mazmuni va shakliga qo‘yilayotgan zamonaviy talablarni o‘zlashtirish, tahlil qilish va baholashiga;
  • pedagogik-psixologik hamda maxsus fanlarni o‘qitish metodikasiga oid nazariy bilimlarni mustahkamlashiga;
  • tegishli profil kafedralarining ish tajribasi, professor-o‘qituvchilar salohiyati, “Ustoz-shogird”tizimi asosidagi faoliyatini o‘rganish, tahlil qilishiga;
  • fanlar bo‘yicha mashg‘ulotlarni loyihalashtirish, lokal o‘quv-me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish (ishchi o‘quv dasturi, kalendar tematik rejalar, mashg‘ulot ishlanmalari va boshq.), o‘zaro mashg‘ulot tahlillarini o‘tkazish, ochiq o‘quv mashg‘ulotlarini tashkillashtirish va baholash texnologiyasi bo‘yicha zarur ko‘nikma, malakalarni o‘zlashtirishlariga hamda professor-o‘qituvchilarning kasbiy o‘sishlari uchun qulay ijodiy muhitni yaratishdan iborat.
Pedagogik amaliyot bazalari — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo komissiya qarori bilan Tayanch oliy o‘quv yurtlariga biriktirilgan, professor-o‘qituvchilari tegishli qayta tayyorlash yo‘nalishlari bo‘yicha qayta tayyorlashdan o‘tadigan va malakasini oshiradigan oliy o‘quv yurtlarining tegishli profil kafedralari hisoblanadi.

II. Pedagogik amaliyotni tashkil etish va o‘tkazish tartibi

Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilarining pedagogik amaliyoti o‘quv kurslarining 7-8 haftalarida, markaz direktori tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tashkil etiladi.
Pedagogik amaliyotni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ma’sullik tegishli profil kafedra mudiri zimmasiga yuklatiladi.
Kafedra mudiri tinglovchilarning amaliyot o‘tashlari uchun zarur shart-sharoitni yaratadi, tinglovchining o‘qitadigan fani yo‘nalishiga mos bo‘lgan amaliyot rahbarini tayinlaydi va har bir tinglovchi uchun yakuniy pedagogik amaliyot bahosini belgilaydi.

Amaliyot rahbari zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanadi:

  • tinglovchilarni kafedraning o‘quv-me’yoriy va ish yuritish hujjatlari, o‘quv xonalari, ustaxonalari va kabinetlar, shuningdek, tegishli holatlarda xavfsizlik texnikasi va mehnatni muhofaza qilish qoidalari bilan yaqindan tanishtirish;
  • tinglovchilarni mashg‘ulotlarni kuzatish va tahlil qilish uchun tajribali professor-o‘qituvchilarga biriktirish;
  • tinglovchilar tomonidan ochiq mashg‘ulot (dars)larning tashkil etilishi uchun zarur shart-sharoitni yaratish, tegishli metodik yordam ko‘rsatish;
  • pedagogik amaliyot davrida tinglovchilar faoliyatini samarali tashkil etilishini nazorat qilib borish;
  • amaliyot yakuni bo‘yicha tayyorlanadigan hisobot materiallarini qabul qilish va baholash.

Tinglovchi pedagogik amaliyot davrida quyidagi talablarga rioya etishizarur:
  • amaliyot o‘tayotgan kafedraning ichki tartib-qoidalari, texnik xavfsizlik va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga qat’iy rioya qilish;
  • amaliyot bo‘yicha belgilangan vazifalarni sifatli, to‘laqonli bajarish, talab etilgan barcha ish hujjatlarini izchil yuritish;
  • kafedra professor-o‘qituvchilarining nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlarida ishtirok etish va tahlil qilish;
  • mutaxassislik fanidan nazariy yoki amaliy mashg‘ulotni ochiq dars shaklida o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish;
  • “Pedagogik amaliyot kundaligi”ni yuritish va unda amaliyot kunlarida bajarilgan ishlarni muntazam qayd qilib borish, shuningdek, uni amaliyot yakunida profil kafedra tomonidan biriktiriligan amaliyot rahbarining imzosi bilan tasdiqlatish (2-ilova);
  • amaliyot yakunida “Pedagogik amaliyot kundaligi” hamda “Pedagogik amaliyot bo‘yicha hisobot” (1-ilova) va boshqa tegishli hujjatlarni amaliyot rahbariga taqdim etish.
Pedagogik amaliyot bo‘yicha tayyorlanadigan hisobotda quyidagilar o‘z aksini topishi kerak:
  • amaliyot o‘tkazilayotgan kafedra to‘g‘risida ma’lumotlar (kafedra nomi, kafedra mudiri, o‘qitiladigan fanlar soni, ilmiy salohiyati va boshq.);
  • 3 tadan kam bo‘lmagan miqdorda maxsus fanlar bo‘yicha tajribali professor-o‘qituvchilarning nazariy yoki amaliy mashg‘ulotlarining tahlili (3-ilova);
  • maxsus fanlar bo‘yicha 1 ta nazariy (amaliy) ochiq dars ishlanmasi (ma’ruza matni, taqdimot, tarqatma o‘quv materiallari, nazorat savollari va boshq.);
  • amaliyotchi tomonidan o‘tkazilgan ochiq darsning kafedra yig‘ilishidagi muhokamasidan ko‘chirma.
Pedagogik amaliyot yakunida tinglovchi hisobotni amaliyot rahbariga topshiradi. Hisobot amaliyot rahbari tomonidan baholanadi hamda kafedra mudiri tomonidan tasdiqlanadi.

Ochiq darslarni tashkil etish va o‘tkazish
Tinglovchilar qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan o‘zlashtirgan yangi bilim, ko‘nikma va malakalarini amaliyotda qo‘llash, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish hamda kasbiy mahoratlarini rivojlantirish maqsadida ochiq dars mashg‘ulotini tashkil etadilar. Ochiq darslar:
  • tasdiqlangan grafik bo‘yicha tegishli profil kafedralarda mutaxassislik va turdosh fanlardan o‘tkaziladi;
  • kamida uch kishidan iborat kafedra professor-o‘qituvchilari, sohaning tajribali mutaxassislari va amaliyot rahbari ishtirokidagi komissiya tomonidan 4-ilovada keltirilgan mezonlarga muvofiq baholanadi.
Pedagogik amaliyot natijalarini baholash va rasmiylashtirish
Tinglovchining pedagogik amaliyot natijalari 5 ballik tizimda baholanadi va bunda:
  • o‘zaro kuzatilgan darslar tahliliga maksimal – 1.5 ball;
  • ochiq dars mashg‘ulotining natijasiga maksimal – 2.5 ball;
  • hisobotni rasmiylashtirish va hujjatlarning to‘liq taqdim etilishiga maksimal – 1 ball ajratiladi.