O‘zbekiston Milliy kutudxonasida “Odamiylik mulki” deb nomlangan tadbir bo'lib o'tdi

O‘zbekiston Milliy kutudxonasida “Odamiylik mulki” deb nomlangan tadbir bo'lib o'tdi

O‘zbekiston Milliy kutudxonasida “Odamiylik mulki” deb nomlangan tadbir bo'lib o'tdi

10.03.2017     Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi

2017 yil 10 mart kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Odamiylik mulki” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning 70 yilligiga bag'ishlangan tadbirda yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos va tilshunos olimlar, talabalar hamda kutubxona foydadalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Sh.Qurbon yoshlarning barkamol inson etib tarbiyalashda shoir va yozuvchilarning hissasini va yosh avlodning ma’naviy tarbiyasida, unda kitob mutolaasiga qiziqish uyg‘otishda va aholining axborot madaniyatini oshirishda kutubxonalarning rolini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, u tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik ijodi to‘g‘risida ma’lumot berdi. “Tohir Malik Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Dastlabki hikoyasi 1960 yilda “Gulxan” jurnalida chop etilgan. Tohir Malik fantastika janrida ijod qilib, talabalik yillaridayoq “Hikmat afandining o‘limi” asarini yozdi. Hozirgi kunda uning asarlarini o‘qimagan, uning asarlari asosida suratga olingan filmlarni ko‘rmaganlarni uchratish qiyin”, dedi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malikning O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga bergan intervyusi namoyish etildi. Unda adib o‘zining ijodga kirib kelishiga sabab bo‘lgan omillar, asarlarining yaratilishi, o‘zining kitob va mutolaaga bo‘lgan munosabati to‘g‘risida so‘zladi.
Adabiyotshunos olim Z.Isomiddinov Tohir Malik ijodi qirralarini ochib beruvchi asarlari va adabiy janr yo‘nalishlari to‘g‘risida so‘zladi. “Tohir Malikning “Qaldirg‘och” epik asari 20-yillar o‘zbek ziyolilarining shakllanishi haqida bahs yuritsa, “Mehmon tuyg‘ular” nomli adabiy maqolalar to‘plamida adabiy jarayondagi muammolar aks etgan. U o‘nga yaqin radiopostanovkalar, hujjatli film senariylari, badialar muallifi. Badiiy tarjima sohasida ham xizmat qilgan adib jahon adabiyoti namoyandalari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan, uning ham bir qator asarlari rus va boshqa tillarga tarjima qilingan”.

O‘zbekiston xalq artisti Y.Sa’diev tadbir ishtirokchilariga o‘zining Tohir Malik bilan bo‘lgan ijodiy hamkorligi haqida quyidagilarni hikoya qilib berdi: “Tohir aka bilan ishlash juda maroqli bo‘lish barobarida mas’uliyatli hamdir. “Shaytanat” video filmidagi Asadbek rolini ijro etarkanman, uning naqadar tabiiy va ichki kechinmalarga boyligini his qildim. Chunki Tohir Malik nafaqat shu asarida, balki umuman o‘z ijodida hayotni, insonlar ruhiyatini, tabiatini atroflicha o‘rganib, kitobxonni ham shu olamga olib kira oladi”.

Tadbirda shuningdek O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Y.Tog‘a, Xalqaro Fuzuliy mukofoti sovrindori, shoir T.Mirzo, Abdulla Qodiriy nomidagi adabiy fond mas’ul kotibi Sh.Qodiriylar so‘zga chiqib, adib bilan bo‘lgan adabiy muloqotlar, qiziqarli voqealar va ibratli nasihatlari haqida so‘zlab berdilar.
Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan ko‘pgina savollarga javob oldilar va tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdilar.