Zangi Ota Ziyoratgohiga tashrif
11.03.2017 Zangi Ota tumani
TATU huzuridagi PKQT va UMO tarmoq markazi tinglovchilari Toshkent shahri yaqinidagi Zangi ota qishlog'ida joylashgan muqaddas qadamjoga tashrif buyurdilar.
Ushbu ziyoratgohga ulug' bobomiz Amir Temur tomonidan asos solingan.
Ziyoratgoh yetuk ahloq-odob sohibi, xakim va tabib, so'fiy va avliyo Zangi ota hazratlariga atab ular yashab, dafn etilgan joylarida qad rostlagan.
Sohibqiron Zangi ota qabrini topish uchun tushida ayon bo'lgan yo'riq asosida oq tuya bilan bir guruh sinchi kuzatuvchi odamlarning ezgu niyat bilan yo'lga chiqargan. So'ngra Amir Temur o'sha oq tuya hozirgi Zangi ota qishlog'iga kelib cho'kkan joyda avliyo otamizga maqbara bunyod ettirgan va nevarasi- buyuk olim va shox Mirzo Ulug'bek tomonidan ziyoratgohga qo'shimcha qurilishlar qilingan.
Keyinchalik XV-XXI asrlar davomida Zangi ota ziyoratgohi goh mana shunday bunyodkorliklar tufayli yanada obod bo'lgan, goh esa vayronkorliklarga uchragani tarixdan ma'lum.
Ayniqsa sobiq sho'rolar davrida ushbu muqaddas qadamjo qattiq tahqirga uchragan bo'lib, bu yerni viloyat ateistlar uyi, keyinchalik esa dahriylar muzeyiga aylantirilgan.
1959 yilga kelib Zangi ota me`moriy ansambli tarkibidagi madrasa, masjid va maqbarada ko'zi ojizlar yotoqxonasi va ustaxonalar faoliyat ko'rsatgan. Istiqlol yillarida Zangi ota ziyoratgohiga o'z mavqeyi qaytarildi. Endilikda ziyoratgoh ziyoratchilar va sayyohlar uchun ochiq maskanga aylantirilib, turli ta'mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Zangi ota me'moriy yodgorligi XIV asr oxiridan XX asr boshlarigacha, ya`ni 600 yil davomida shakllanib kelgan. Majmua Zangi ota maqbarasi, xonaqoh va madrasa, masjid va ayvon, asosiy peshtoq, 1,5 gektarlik ko'kalamzorlashtirilgan maydon, XX asrning 70 yillarida qurilgan beton hovuzdan iborat bo'lgan.